Bilimlar bahsi – tafakkur charxi
    
 
      O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Respublika ta’lim markazida "2012-2013 o‘quv yili yakuni bo‘yicha ta’lim sifati monitoringini amalga oshirishdagi vazifalar” mavzuida o‘quv- seminar o‘tkazildi.   
    Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodning chuqur bilim va yuksak tarbiya olishi uchun barcha shart-sharoitni yaratishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu boradagi ishlar Obod turmush yilida ham izchil davom ettirilib, ta’lim sifatini oshirish, o‘quv muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
     Mamlakatimiz xalq ta’limi tizimida 2010/2011 o‘quv yilidan boshlab o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan yangilik sifatida maktab o‘quvchilarining fanlar bo‘yicha bilimlar bellashuvini tashkil etishning to‘rt bosqichli tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Bu esa maktablarda sog‘lom raqobatni tashkil etish orqali o‘quvchilarning bilim olishga qiziqishini yanada kuchaytirish, ularning qobiliyati va iqtidorini rivojlantirish, Davlat ta’lim standartlarida belgilangan talablar bajarilishini tahlil etishga xizmat qilmoqda.
 

Joriy yilda bu tizim takomillashtirilib, o‘quvchilarning nazariy bilimini amaliyotga qo‘llay olishi, test bilan birga yozma ish, laboratoriya mashg‘uloti, xorijiy tillar bo‘yicha yozma va og‘zaki muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan nazorat turlari joriy etildi. Bilimlar bellashuvining dastlabki bosqichida har yilgidan ko‘ra ko‘proq – 1 million 950 ming nafar, tuman boqichida 320 ming nafardan ortiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida 6843 nafar o‘quvchi ishtirok etgani mazkur zakovat musobaqasiga qiziqish tobora ortib borayotganidan darak beradi. Bu mamlakatimiz maktablarining dastlabki reytingini aniqlash imkonini ham berdi. Unga ko‘ra Navoiy, Buxoro, Xorazm, Samarqand viloyatlari, Toshkent shahrining maktab o‘quvchilari yuqori ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritgan.

 

Joriy yilning 13-14-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan bilimlar musobaqasining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar mamlakatimiz bosqichida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi. Ular uchun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida "Intellektual rivojlantirish oromgohlari" tashkil etiladi.
O‘quv-seminarda bilimlar bellashuvining respublika bosqichini yuqori saviyada tashkil etish, ta’lim sifati monitoringini o‘tkazish, tahlil natijalarini avtomatlashtirilgan elektron dasturga kiritish va atroflicha o‘rganish yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.




Manba Manba: uza.uz

Sana: 10-aprel 2013 yil /// O'qildi: 1283
Orqaga qaytish



Ma’naviy hayotda ham amaliy hayotdagidek, kimki bilimga tayansagina to‘xtovsiz kamol topadi va yutuqlarga erishaveradi.

U. JEYMS