Yoshlarni birlashtiruvchi Forum
    Barkamol yoshlar – mamlakat tayanchi, yurt kamoloti. Yurtimizda navqiron avlodni tarbiyalash maqsadida izchil olib borilayotgan davlat siyosati – ta'lim-tarbiya, san'at, tibbiyot, sport va boshqa shu kabi sohalardagi islohotlar o'zining yuksak natijasini bermoqda. Buning samarasi o'laroq, ulkan ilmiy va intellektual salohiyatga, yuksak ma'naviyatga ega bo'layotgan yoshlarimiz bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchiga aylanib, jamiyat hayotining barcha jabhalarida o'z bilim va mahoratini namoyish etib, mamlakatimiz taraqqiyotining yanada yuksalishida munosib ulush qo'shmoqdalar. 

    "Obod turmush yil” Davlat dasturida belgilangan tadbirlarga muvofiq bolalar hamda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, ularning huquqiy erkinligini mustahkamlashga, ta'lim tizimi, tadbirkorlik, sog'liqni saqlash, bolalar sportini rivojlantirishga, iqtidorli yoshlarni har tomonlama rag'batlantirishga, shuningdek, amaldagi qonun hujjatlariga zamon talablariga mos ravishda o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish yo'lida ko'plab diqqatga molik ishlar amalga oshirilmoqda. 

    Yaqinda O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida "Vatan ravnaqi yo'lida birlashaylik!” shiori ostida respublika Forumi tashkil etildi. Mazkur Forumda ishtirokchilar yoshlarning qobiliyat va iqtidorlarini aniqlash va ularni qo'llab-quvvatlash, yosh o'g'il-qizlarning intilishlarini to'g'ri yo'lga yo'naltirish, ularni etakchi, har tomonlama faol bo'lib voyaga etishlari borasida o'z fikr-mulohazalarini bildirib o'tdilar. 

    Tadbirda ta'kidlanganidek, ayni paytda olti million nafarga yaqin yoshlarni ezgu maqsadlar yo'lida birlashtirgan "Kamolot” YoIH ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan 15 mingdan ortiq boshlang'ich tashkilotga ega. Jumladan, umumta'lim maktablarida harakatning 9765 ta boshlang'ich tashkilotlari tuzilgan bo'lib, ular to'rt million nafarga yaqin "Kamolot” va "Kamalak” a'zolarini o'z atrofida birlashtirgan. 

    Aytish lozimki, o'tgan yili "Kamolot” YoIH Markaziy Kengashi va Xalq ta'limi vazirligi o'rtasida "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining umumiy o'rta ta'lim maktablaridagi boshlang'ich tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi qo'shma qaror imzolandi. Ushbu qo'shma qarorga asosan umumta'lim maktablaridagi boshlang'ich tashkilotlarining yangi Nizomi va tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. Unga ko'ra, umumta'lim maktablaridagi boshlang'ich tashkilotlari faoliyat samaradorligi hamda etakchi va sardorlarning ta'lim muassasalaridagi mavqeini yanada oshirish, eng namunali boshlang'ich tashkilotlar va ularning etakchilarini rag'batlantirishga qaratilgan aniq mexanizm yaratildi. 

     Ma'lumot o'rnida aytish kerakki, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 4 martdagi "O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar Dasturi”ga muvofiq joriy yilning iyun-iyul oylarida Harakatning umumta'lim maktablardagi boshlang'ich tashkilot etakchilarining mahalliy va hududiy o'quv-seminarlari bo'lib o'tdi. 

    Hududiy o'quv-seminarlarda va «Eng namunali boshlang'ich tashkilot” ko'rik-tanlovida 8,5 mingga yaqin boshlang'ich tashkilot etakchilari ishtirok etdi. Ularning 761 nafari tanlovning hududiy bosqichlarida qatnashdi. 

   Ko'rik-tanlovning hududiy bosqichlari yakuniga ko'ra, har bir hududdan 10 nafardan g'oliblar aniqlanib, jami 140 nafar eng namunali boshlang'ich tashkilot etakchilari yakuniy bosqichda hamda Harakatning umumta'lim maktablardagi boshlang'ich tashkilot etakchilarining respublika Forumida ishtirok etuvchi yo'llanmani qo'lga kiritdi. 
   Forum doirasida ishtirokchilar uchun turli mavzularda seminar-treninglar, master-klasslar tashkil etildi. 
 
Jamoliddin KAMOLOV,
Xalq ta'limi vazirligi Ma'naviy-ahloqiy tarbiya
boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari
 
 
manba: uzedu.uz 

Sana: 19-avgust 2013 yil /// O'qildi: 1480
Orqaga qaytish



Narsalar qanday bo‘lmog‘i lozimligini bilish aqlli odamga xosdir;

Narsalarning haqiqatda qandayligini bilish tajribali odamga xos;

Narsalarni yanada takomillashtirishni bilish buyuk odamga xos.

D. DIDRO