OAV va YOSHLAR: muammo va echimlar
 T.N.Qori Niyoziy nomidagi O'zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida «Ommaviy axborot vositalarining yoshlarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalashga ta'siri: muammolar va echimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o'tkazildi. Tadbirda Xalq ta'limi vazirligi xodimlari, oliy ta'lim muassasalarining prefessor-o'qituvchilari, tadqiqotchi olimlar, talabalar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Dastlab konferensiyani kirish so'zi bilan ochib bergan Xalq ta'limi vaziri o'rinbosari A.Xolbekov mamlakatimizda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda ta'lim oluvchilarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalash va ularni amaliyotga tatbiq etish jarayonlari haqida to'xtalib, bu borada erishilgan yutuqlar borasida so'z yuritdi. Shundan so'ng T.N.Qori Niyoziy nomidagi O'zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti direktori H.Daminov yoshlarning axloqiy-madaniy tarbiyalashda OAVning o'rni va ahamiyati haqida atroflicha to'xtalib o'tdi.


Shuningdek, tadbir davomida ma'ruzachilar maktablarda o'quvchilarning internetdan foydalanish qoidalari va darsdan keyin ota-onalar tomonidan nazoratga olinishi, o'quvchilarning ijtimoiy saytlar kirishi hamda turli milliy mentalitetimizga mos kelmaydigan film va ko'rsatuvlarni tomosha qilishi borasida o'z fikr-mulohazalarini bildirib o'tdilar. Bundan tashqari, konferensiyada

– internet global tarmoqlari va televizion ko'rsatuvlarning yoshlarni ma'naviy-axloqiy va intellektual tarbiyalashdagi ahamiyatini oshirish yo'llari va vositalari;

– ommaviy axborot vositalari orqali yoshlarni ma'naviy-axloqiy va intellektual jihatdan tarbiyalashda maktab, mahalla va oila hamkorligi;

– o'qituvchi, tarbiyachi va ota-onalar faoliyatida bolalarning ma'naviy-axloqiy tarbiyasiga xorijiy ommaviy axborot vositalari: teleko'rsatuvlar va internet tarmog'i dasturlari salbiy ta'sirining oldini olish masalalari haqida ham ishtiokchilarning fikr-mulohazalari tinglandi.

Konferensiya yakunida mediata'limning nazariy-amaliy asoslarini o'rganish, o'qituvchilar uchun uni amaliyotga samarali tatbiq etishga qaratilgan ilmiy-metodik adabiyotlar majmuini yaratish, o'quvchilar uchun foydali axborotlarni izlab topish, ularning turli texnik vositalardan foydalanishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ta'lim oluvchilarning axborot-media savodxonligini ta'minlash uchun yuqori sinflardan boshlab maxsus mashg'ulotlar, media-kontent tahlilini amalga oshirishga qaratilgan ko'nikmalarni shakllantirish va boshqa shu kabi dolzarb masalalar yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Xalq ta'limi vazirligi
 
Axborot xizmati
 
Manba: uzedu.uz

Sana: 16-noyabr 2013 yil /// O'qildi: 1792
Orqaga qaytish



Siz nimani tushunmasangiz, u sizga begona.

I. GYOTE