Qoraqalpog`iston Respublikasida 2013 yil yoz mavsumida bolalarni sog`lomlashtirish va dam oldirish, bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida MA`LUMOT

 

Respublika bo`yicha joriy yilda Kasaba uyushmalari mablag`lari, mahalliy hokimiyatlar, «Mahalla» jamg`armasi va homiylar hisobidan 6 ta oromgohda 3370 nafar, 14 ta maktablar qoshidagi kunduzgi oromgohlarda 7320 nafar o`quvchi, jami 10690 nafar bola dam oldiriladi.

Jami Respublikadagi umumta`lim maktablarida 7 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan 193812 nafar o`quvchi ta`lim-tarbiya olayotgan bo`lsa, ulardan 10690 nafari oromgohlarga jalb etilgan. Jami umumta`lim maktablarida ta`lim olayotgan 7-14 yoshdagi bolalarning 5,5 foizini tashkil etadi.

Bolalar oromgohlaridagi jami 100 nafar tarbiyachi-pedagog xodimlar may oyida K.Ubaydullaev nomidagi PXMOKTIda maxsus kursdan o`tkaziladi va sertifikatlar beriladi.

Tarbiyachilar uchun «Barkamol avlod» bolalar markazi tomonidan «Yozgi oromgohlarda tashkil etilgan to`garaklar uchun dasturlar va uslubiy tavsiyalar», «Maktabdan tashqari ta`lim muassasalarining yozgi mavsum davomida o`quvchilarning bo`sh maqtlarini mazmunli tashkil etishdagi asosiy faoliyati va vazifalari», «Yozgi sog`lomlashtirish oromgohlarida tashkil etilgan to`garaklar uchun uslubiy tavsiyalar», «Yozgi sog`lomlashtirish oromgohlarida «Ma`naviyat va ma`rifat» ishlarini tashkil etish», «Yozgi bolalar sog`lomlashtirish oromgohlari tashkilotchilari uchun uslubiy tavsiyalar to`plami», «To`garak rahbarining ish daftari» o`zbek va qorakalpoq tillarida tayyorlanib, barcha oromgohlardagi tarbiyachilar va to`garak rahbarlariga etarli miqdorda tarqatiladi.

Shu bilan bir qatorda oromgohlar Respublika o`quv-metodika markazi tomonidan tayyorlangan «Yozgi oromgohlarda «Yosh matematik» tanlovining stsenariyasi», «Yozgi dam olishingiz quvnoq o`tsin», «Yozgi oromgohlarda qizlar orasida o`tkaziladigan «Bahor malikasi» nomli tanlov stsenariyasi», «Ta`lim muassasalaridagi yozgi dam olish oromgohlaridagi o`quvchilar uchun kimyoviy kechalar stsenariyalari to`plami», «Ijod», «Buyuk allomalar tarixidan» nomli metodik qo`llanmalar bilan ham ta`minlanadi.

Shuningdek, «Barkamol avlod» bolalar markazlari to`garaklari, tuman va shaharlardagi axborot-resurs markazlari yozgi oromgohlarda o`z ish faoliyatini davom ettirishadi. Oromgohlar gazeta-jurnallar, adabiy va badiiy kitoblar bilan to`liq ta`minlanadi. 

«Yozgi ta`til-2013» sport musobaqalarini yuqori saviyada o`tkazish maqsadida Xalq ta`limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, «Mahalla» jamg`armasi QQ bo`limi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi, QR «Yoshlik» Bolalar sporti jamiyati qo`shma qarori qabul qilinadi.

Oromgohlarda maktabdan tashqari ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda turli ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar, jumladan, «Talantlarni izlaymiz», «Biz giyohvandlikka qarshimiz», «Milliy urf-odatlarimizni ko`rsataylik» nomli ko`rik-tanlovlar, aktsiyalar o`tkazilib boriladi.

Oromgohlarda badiiy nafosat, texnika-ijodiyot, musiqa va sport yo`nalishida to`garaklar tashkil etiladi.

 


Ma'lumot yangilangan sana: 21-fevral 2013 yil


Bilimsizlik — kulfatdan qutulishning yomon vositasi.

SENEKA