XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI TIZIMIDA GENDER TENGLIK

O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 6 119 440 nafar o‘quvchilardan 2 968 471 (48,5%) nafarini qizlar tashkil etadi.

Bevosita tizimda mehnat qilayotgan 481 604 nafar pedagog hodimlarning 332 909 (69,1%) nafarini ayollar tashkil etadi. Tizimdagi rahbar hodimlarning orasida ham ayollar soni haqida aytadigan bo‘lsak, mavjud 9925 nafar maktab direktorlaridan 3689 (37,1%) nafari, 200 ta tuman (shahar) xalq taʼlimi bo‘limi mudirlaridan 35 (17,5%) nafari, shu yildan eʼtiboran esa 14 ta viloyat xalq taʼlimi boshqarmalari boshliqlaridan 2 (14,2%) nafari ayollar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Xalq taʼlimi vazirligida Xotin-qizlar, gender tengligi va yoshlar masalalariga masʼul vazir o‘rinbosari tayinlangan hamda alohida boshqarma tashkil etilgan bo‘lib, ular tizimda mazkur masalalar bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, takomillashtirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi barcha taʼlim muassasalar, tashkilotlar, tuman (shahar) xalq taʼlimi bo‘limlari, hududuiy xalq taʼlimi boshqaruv idoralarida, shu jumladan vazirlikning markaziy apparatida ham O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining boshlang‘ich tashkilotlarining rahbarlari sifatida faoliyati tashkil etilgan. Hozirda aynan ular orqali tizimdagi xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini keng targ‘iboti amalga oshiriladi.

Xalq taʼlimi vazirligi rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda gender tengligi masalalarini maktabdan boshlab yoshlarning ongiga singdirib boradi. Bunda qizlar va o‘g‘il bolalarga barcha muassasalarda teng sharoitlar yaratilganligini alohida taʼkidlab o‘tish lozim. Mamlakatimizda maktablarda o‘quvchilarga nafaqat gender tengligi, jinsiy teng huquqlilik masalalari, balki xotin-qizlarga bo‘lgan sharqona hurmat, xotin-qizlarni eʼzozlash, ona misolida ayollarni qadrlash ko‘nikmalari bolalar ongiga boshlang‘ich sinflardan eʼtiboran singdirib boriladi.

Masalan, 1-4-sinflarda “O‘qish”, “Odobnoma” o‘quv dasturlarida o‘g‘il va qiz bolalarning teng huquqliligi, ularning jamiyatda bir xil mavqega ega ekanligi to‘g‘risida tushunchalar berilgan.

Shuningdek, 8-11-sinflarda o‘tilayotgan “Davlat va huquq asoslari” fanlarining o‘quv dasturlarida gender tenglik bo‘yicha tegishli huquqiy bilimlar berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

2019 yildan eʼtiboran alohida o‘quvchi-qizlar bilan ishlash yo‘nalishini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan platforma vazifasini o‘tovchi – o‘quvchi-qizlarning zamonaviy bilim-ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini, maʼnaviy-axloqiy tarbiyasini yuksaltirish, kasb-mahoratini oshirish maqsadida Respublika, hududlar va barcha tuman (shahar)larda “Qizlarjon” o‘quvchi-qizlar sammitlari tashkil etildi. Sammitlarda 28 564 nafar o‘quvchi-qizlar qamrab olindi. Xalq taʼlimi vazirligi va Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida o‘quvchi-qizlarda zamonamiz qahramonlari bo‘lgan rahbar ayollarning siyosiy portretlarini shakllantirish maqsadida tadbirkorlik va ishbilarmonlik sohasida yetakchilik qilayotgan rahbar ayollar, tuman (shahar) xokimlari o‘rinbosarlari, Xotin-qizlar qo‘mitalari raislari lavozimida “Ustoz-shogird” anʼanasida bir kunlik amaliyot dasturini o‘tkazish bo‘yicha “Dublyor” loyihasi Samarqand viloyatida tajribadan o‘tkazildi.

Аlohida taʼkidlash joizki, manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan birkalikda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan mazkur sohada qabul qilingan “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini ijrosini taʼminlash bo‘yicha hamkorlikdagi chora-tadbirlar rejalari qabul qilindi hamda ijrosi taʼminlanmoqda.