Tanlovlar
Xalq ta’limi vazirining
2018 yil “16” yanvardagi
17 – son buyrug’iga ilova
Umumiy o’rta ta’lim muassasalarida “Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi” nominatsiyasini tashkil etish tartibi
1-bob. Umumiy qoidalar
1. “Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi” nominatsiyasi (bundan buyon nominatsiya deb yuritiladi) barcha umumiy o’rta ta’lim muassasalarida o’quv yili davomida tashkil etiladi.
2. Umumiy o’rta ta’lim muassasalarining barcha o’quvchilari nominatsiya tanlovi ishtirokchilari bo’lishi mumkin.
3. Nominatsiyani tashkil etish va g’oliblarni aniqlash uchun har bir ta’lim muassasasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari, kutubxonachi, O’zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang’ich tashkiloti etakchisi, barcha sinf rahbarlari, “Vasiylik kengashi” raisi, “Jamoat kengashi” a’zolaridan iborat Tashkiliy guruh tuziladi.
2-bob. Nominatsiyaning maqsadi
4. O’quvchilar o’rtasida badiiy adabiyot mutolaasiga bo’lgan qiziqishini yanada oshirish, kitobxonlikni targ’ib kilish orqali o’quvchilarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularda mustaqil va tanqidiy fikrlash ko’nikma va malakalarini shakllantirish, ma’naviy tahdidlarga nisbatan sog’lom immunitetni rivojlantirish, qiziqishi va tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash, ijtimoiy faolligini oshirish, qobiliyatlarini ro’yobga chiqarish, bilim va ko’nikmalarini mustahkamlash, vatanparvarlik tuyg’usini rivojlantirish, ularning bilimli, odob-axloqli, sog’lom fikrli, ma’naviy barkamol shaxslar bo’lib etishishiga ko’maklashish, o’quvchilar o’rtasida cog’lom raqobatni shakllantirish hamda faol o’quvchilar erishayotgan natijalarni rag’batlantirish, targ’ib qilish va ommaviyligini ta’minlashdan iborat.
3-bob. Nominatsiyani tashkil etish tartibi va shartlari
5. Har yili sentyabr oyidan boshlab 7-10-sinf o’quvchilari orasidan ikki bosqichda o’tkaziladi:
2018 yil uchun nominatsiya yanvar oyidan boshlab amalga oshiriladi.
a) 1-bosqich – har bir sinf o’quvchilari o’rtasida har oyning uchinchi haftasi yakuniga qadar o’tkaziladi.
Bunda sinf rahbari, ona tili va adabiyot o’qituvchisi ota-onalar qo’mitasi raisi va sinf sardoridan iborat ishchi guruhi tomonidan sinf o’quvchilari o’rtasidan tanlab olingan eng faol 2 nafar o’quvchining nomzodi sinfdagi barcha o’quvchilar orasida yashirin ovozga qo’yiladi hamda eng ko’p ovozga ega bo’lgan 1 nafar o’quvchining nomzodi 2-bosqichda ishtirok etish uchun maktab Tashkiliy guruhiga tavsiya qilinadi.
Tavsiyanomada o’quvchi haqidagi ma’lumotlar ushbu tartibning
6-bandida qayd etilgan mezonlar asosida haqqoniy tarzda ifodalanishi lozim.
b) 2-bosqich – sinflardan nomzodi ko’rsatilgan o’quvchilar o’rtasida har oyning to’rtinchi haftasi yakuniga qadar Tashkiliy guruh tomonidan ko’rib chiqiladi.
Bunda nomzodlar orasidan har oy yakunlari bo’yicha jami 2 nafar o’quvchi tanlab olinib, Tashkiliy guruh a’zolari o’rtasida ochiq ovozga qo’yish orqali 1 nafar g’olib aniqlanadi.
6. Nominatsiyaning 2-bosqichi ishtirokchilariga ovoz berishda quyidagi mezonlar asos qilib olinadi:
a) maktabning ichki tartib qoidasiga rioya qilishi;
b) kutubxona va axborot-resurs markazlari faoliyatidan samarali foydalanishi;
v) shaxsiy kutubxonasining mavjudligi (o’quvchi tomonidan taqdim etiladigan adabiyotlar ro’yxati asosida);
g) kitobxonlikka oid turli musobaqa va tanlovlardagi ishtiroki;
d) yurtimizda ijod qilayotgan shoir va yozuvchilar hayoti va ijodi haqidagi dastlabki bilimi;
e) sinfda, maktabda va tengdoshlari orasida tutgan o’rni;
yo) sinfdoshlari va tengdoshlari bilan o’zaro do’stona munosabati va hamkorligi;
j) sinfda, maktabda va mahallada tashkil etiladigan jamoat ishlarida faolligi;
z) intilishi, qiziqishi va tashabbusi bilan erishgan yutuqlari;
i) umumiy o’rta ta’lim muassasalaridagi O’zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang’ich tashkilotiga a’zoligi.
Har bir ta’lim muassasasi o’zining va joylashgan hududining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda yuqoridagi mezonlarga ijodiy yondashib, 2 tagacha qo’shimcha mezonlar kiritishi mumkin.
7. O’quv yili davomida har oy yakunlari bo’yicha nominatsiya g’olibligi uchun nomozlar ta’lim muassasasi kutubxonasida tashkil etilgan 1-ilovada ko’rsatilgan namunaviy doska asosida e’lon qilib boriladi.
O’quv yili yakunida (may oyida) nominatsiya g’olibligi uchun qo’yilgan nomzodlar orasidan (har oyda g’olib bo’lgan o’quvchilar orasidan) so’rovnoma o’tkazish orqali 1 nafar “Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi” aniqlanadi.
8. “Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi”ga kitobxonlikni targ’ib qilish maqsadida maktab kutubxonasida alohida joy (ish stoli) tashkil etiladi va unga 2-ilovada ko’rsatilgan guvohnoma va ko’krak nishoni beriladi.
4-bob. “Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi”ning vazifasi
9. Umumiy o’rta ta’lim muassasalari o’quvchilari o’rtasida kitobxonlikni targ’ib qilish bo’yicha maktab etakchisi va kutubxonachisi bilan hamkorlik qiladi.
10. Ona tili va adabiyot o’qituvchisi bilan kelishgan holda ijodkor va kitobxon o’quvchilar ro’yxatini shakllantiradi va ular o’rtasida targ’ibot ishlarini amalga oshiradi.
11. Maktab kutubxonachisi tomonidan tashkil etiladigan “Kitobxonlar bayrami” tadbirlari doirasida belgilangan 7 ta tadbirlarni o’tkazishda ko’maklashadi.
12. O’quvchilar o’rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish va ular o’rtasida kitobxonlikni targ’ib qilish bo’yicha “Kitobxonlar klubi”ni tashkil etadi.
13. Klub a’zolari bilan birgalikda kutubxona fondini boyitish va kutubxonaga o’quvchilarni jalb qilish bo’yicha turli aktsiya, tanlov va tadbirlarni amalga oshiradi.
Umumiy o’rta ta’lim muassasasi yoshlar etakchisi bilan hamkorlikda
3-ilovada ko’rsatilgan “Kutubxona xaritasi”ni ishlab chiqadi va har chorakda yozuvlarni yangilab boradi.
14. Eng yaxshi kitobxon o’quvchilarni rag’batlantirish bo’yicha maktab direktoriga tavsiyalar beradi.
5-bob. Nominatsiya g’oliblarini taqdirlash
15. Nominatsiya g’oliblari har oyda dushanba kuni o’tkaziladigan “Ertalabki saflanish”larda e’lon qilinib, maxsus diplom hamda o’quv yili yakunida 1 nafar o’quvchi Tashkiliy guruh tomonidan “Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi” nominatsiyasi bilan taqdirlanadi.
Maktablar ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, nominatsiya g’oliblari uchun turli sovrinlar, esdalik sovg’alar va stipendiyalar joriy qilinishi mumkin.
16. Umumiy o’rta ta’lim muassasalari direktorlari tomonidan nominatsiyada g’olib bo’lgan o’quvchilarning ota-onalariga va turar joyidagi mahalla fuqarolar yig’ini raisi nomiga “Minnatdorchilik” xati yuboriladi.
17. G’oliblar maktab ishtirokida uyushtiriladigan sayohatlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlarga keng jalb etiladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
18. “Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi” bir marta o’quv yili uchun saylanadi, keyingi o’quv yilida g’olib bo’lgan yangi o’quvchi “Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi” lavozimini egallaydi.
Shuningdek, o’quv yili yakunida “Targ’ibotchi kitobxon” o’quvchi nomzodligiga qo’yilgan o’quvchilar uchun o’tkaziladigan so’rovnomaga oldingi o’quv yilida “Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi” bo’lib faoliyat ko’rsatgan o’quvchining nomzodi ham qo’yilishi mumkin.
“Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi” ko’krak nishonini yangi kelgan targ’ibotchiga topshiradi.
19. Har yili “Targ’ibotchi kitobxon o’quvchi”lar ro’yxati hududiy axborot-resurs markazlari tomonidan umumlashtiriladi hamda iyun oyida Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etiladi.